Главная » 2011»Iyul»30 » O‘zbekiston o‘zining ilk tez yurar poyezdlariga ega bo‘ldi
10:26
O‘zbekiston o‘zining ilk tez yurar poyezdlariga ega bo‘ldi
O‘zbekiston o‘zining ilk tez yurar poyezdlariga ega bo‘ldi
Tez yurar poyezdlarni ishlab chiqarish dunyoda tez sur‘atlarda rivojlanayotgan sanoatlardan hisoblanadi.
Ushbu sanoat mahsulotlari endilikda tabiiy zahiralarga boy Markaziy Osiyo bozoriga ham yetib bordi.
Shu hafta O‘zbekiston o‘zining tez yurar poyezdiga ega bo‘ldi.
Poytaxt Toshkent va Samarqand shaharlari o‘rtasida qatnovchi ushbu tezyurar poyezd Ispaniyaning TALGO poyezdsozlik zavodida ishlab chiqarilgan.
TALGO-250 rusumli poyezdlar ikki lokomotivga ega va uzun tumshug‘i bilan boshqa poyezdlardan ajralib turadi.
Tezyurar poyezdning tezligi soatiga 250 kilometr va bag‘riga 257 yo‘lovchini sig‘dira oladi.
Hozirda Toshkent va Samarqand orasidagi yo‘l vaqti uch yarim soat bo‘lsa, tez yurar poyezdlar ishga tushgach, ushbu vaqt bir yarim soatga qisqarishi mumkin.
Ammo poyezdning qulayliklari arzonga tushmaydi. TALGO va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida imzolangan oldi-sotdi bitimiga muvofiq, ikki yangi poyezd va ularning ehtiyot qismlari qiymati 40 million yevroga baholangan.
Bunga qo‘shimcha O‘zbekiston Temir Yo‘llari davlat shirkati temir yo‘llarni zamonaviylashtirishi, jumladan temir yo‘lni elektrlashtirishi, yo‘l xavfsizligini kuchaytirishi va poyezd yo‘li bo‘yiga Toshkentdan Samarqandga qadar simto‘rlar o‘rnatishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonlik temir yo‘lchilar va texnik xodimlar Ispaniyada TALGO zavodida malaka oshirganlar.
Tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik bitimi 2009 yil oxirida imzolangan edi.
TALGO sobiq Sovet respublikalari uchun yaxshi hamkor hisoblanadi.
O‘tgan oy shirkat Moskva-Berlin, Moskva-Kiyev yo‘nalishlarida qatnaydigan poyezdlarni qurish uchun qiymati 100 milliondan yevrodan ko‘proq bo‘lgan bitimlarni imzoladi.
TALGO shuningdek kelgusi yillar ichida Qozog‘istondagi barcha yo‘lovchi poyezdlar o‘rnini oladigan zamonaviy poyezdlar qurish va yangi temir yo‘l zavodini barpo etish bo‘yicha qozoq hukumati bilan ham hamkorlik shartnomasini imzolagan.
TALGO 70 yildan ko‘proq vaqt davomida turli rusumdagi poyezdlar ishlab chiqaradi.