- Jannatning ta’rifi qanday? - Jannat rohat va farog’atga to’la. Unda xushhavo bog’lar, zilol chashmalar, til bilan bayon qilib bo’lmas afzalliklar bor. - Jannatdagi eng mo’’jizaviy va hayratlanarli voqea nima? - Jannat ahlining Alloh diydoriga yetishmog’i. Ammo Allohni biz qay tariqa, ya’ni qay ko’z bilan ko’rmog’imiz ma’lum emas. - Jahannam qanday makon? - Jahannam qabohatga va razolatga to’la azoblar makonidir. U joyda Zaboniya ismli farishtalar kofirlar va gunohkorlarga ayovsiz jazo beradilar. - Jannatga kimlar kiradi? - Bu o’tkinchi dunyoda Alloh buyurgan amallarni bajarib, u Zot ta’qiqlagan ishlardan qaytgan diyonatli va gunohlari kechirilgan mo’min bandalar kiradi. - Jahannamga-chi? - Kofirlar va fosiqlar. - Kishilar jannatda doimiy qoladilarmi? - Jannat ahli boqiy qoladi va unda qazoyu qadar yo’qdir. - Jahannamga kirganlar-chi? - Imonsiz kishilar jahannamda doimiy mahbus bo’lib qoladilar. Ularga o’lim yo’q. Ammo gunohlari kechirilmasdan jahannamga kirgan osiy mo’minlar gunohlari miqdoricha jazolanib, so’ng do’zaxdan chiqadilar va jannatga qaytib, u joyda qoladilar.