|
| | |
Главная » 2011 » Iyun » 1 » “Eshitdinglarmi, imtihon sanasi ko‘chirilganmish……Iye, o‘tib ketibdi-ku…”
11:46 “Eshitdinglarmi, imtihon sanasi ko‘chirilganmish……Iye, o‘tib ketibdi-ku…” |
Xalqimizda mashhur bir latifa bor. Bir kuni Nasriddin Afandi qarasa ko‘cha boshida bolalar o‘ynab yurishgan ekan. Afandi ularga qarab: "Bolalar nega bu yerda yuribsizlar, ko‘chaning narigi boshida bir saxiy odam hammaga yong‘oq tarqatyapti”, – debdi. Bolalar bu gapga ishonib, o‘sha tomonga qarab chopib ketishibdi. Qarasa, Afandining bir o‘zi qolib ketibdi. "Iye, rostdan ham tarqatayotgan bo‘lsa-ya, men benasib qolmay”,–debdi-yu, o‘zi ham o‘sha yoqqa qarab yugurib ketibdi.
Bu latifa juda eski bo‘lib, uni deyarli hamma eshitgan. Shu bois ushbu latifani eshitgan odam kulmasligi ham mumkin. Lekin, to‘g‘risi, ba’zida o‘zimiz ham shunday holatga tushganimizni sezmay qolamiz. Aytaylik, birov kirish imtihonlari to‘g‘risida turli xil gap tarqatadi. Uning bunday qilishdan maqsadi nima ekanligini biz bilmaymiz, albatta. Ammo bunday mish-mishlar juda tez tarqalib ketadi.
Hozir ko‘pchilik abituriyentlar o‘rtasida tarqalgan eng ko‘p mish-mish: "Eshitdinglarmi, imtihon sanasi ko‘chirilganmish…”, " ..1-iyul..”, " ..15-iyul..”, "…Iye, o‘tib ketibdi-ku…”
Ba’zan bunday savollardan keyin odam Nasriddin Afandi holatiga tushib ham qoladi. Rostdan ham ko‘chirildimikan deb o‘ylanib qoladi.
Aslida, odam bir xabarni eshitganda uni miyasida tahlil qilishi, to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida xulosa qilishi kerak, albatta. Masalan, agar imtihon sanasi 1-iyulga ko‘chirilsa, hujjat qabul qilish muddati 20-maydan 20-iyungacha bo‘lgan paytga ko‘chirilishi kerak emas-mi? Buning uchun barcha litsey va kollejlarni bitirayotgan o‘quvchilarning hamma hujjatlari ularga oldindan berilishi lozim bo‘ladi. Lekin bitiruv kechasi har doimgidek bu yil ham 25-mayga belgilangan. Mish-mishlarga ko‘ra, hozir hamma oliy o‘quv yurtlarida hujjat qabul qilish boshlanib ketgan bo‘lishi kerak edi.
Ammo ko‘rib turibmiz-ku, bular bo‘lgani yo‘q. Shu bilan birga ommaviy axborot vositalarining birontasida ham bunday gaplarni tasdiqlovchi e’lon berilgani yo‘q. Demak, bunday mish-mishlarga o‘rin yo‘q.
To‘g‘risi, oliy o‘quv yurtlariga kirish sinovlari insonning faqat bilimini emas, balki uning psixologik holatini ham sinaydi. Bu to‘g‘risida o‘tgan sonimizda maqola ham bergan edik. Imtihonlarga tayyorlanish jarayoni ayni avjiga chiqqan paytda abituriyentlarning ruhan ko‘nglini tushirish mumkin bo‘lgan bunday gap-so‘zlar odamning faqat xayolini chalg‘itishdan boshqa narsa emas.
Afsuski, bunday mish-mishlar bundan oldingi yillarda ham bo‘lgan. Lekin bunchalik "ommalashib” ketmagan edi.
Hurmatli abituriyent, siz, hozir imtihonlarga tayyorgarlik jarayonida mavzularni oxirlatib qo‘ygansiz. Test yechish usullarini o‘rganish bosqichidasiz. Shu bois turli xil asossiz gap-so‘zlarga e’tibor bermay, tayyorlanishni davom ettiring.
Mobodo, agar o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lsa ham "endi oxirigacha mavzularni tugata olmayman” deb umidsizlikka tushmang. Agar yangilik bo‘ladigan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida, albatta, e’lon qilinadi. Demak, sizning oliy o‘quv yurtiga kirish ehtimolingizda hech qanday o‘zgarish yo‘q.
Barchangizga omad yor bo‘lsin, aziz abituriyentlar!
|
Категория: Новости / Yangiliklar |
Просмотров: 1237 |
Добавил: _DAVRONBEK_
| Рейтинг: 0.0/0 |
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи. [ Регистрация | Вход ]
|
|
|